Uchrashuvda 30 ga yaqin taklif va istiqbolli loyiha va muammo muhokama qilinib, ularning har biri yuzasidan fikr almashildi hamda mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Xususan, talabalarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish, innovatsion loyihalar uchun sharoit yaratish hamda universitet infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.
— talabalardan biri tomonidan yoshi ulug‘ insonlar, keksalar hamda nogironligi bo‘lgan talabalarga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan “Energo” xayriya jamoasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash taklifi bildirildi. Rektor kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda, talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan jamoa a’zolarini moddiy rag‘batlantirish va yo‘l xarajatlarini qoplash bo‘yicha tegishli topshiriq berdi.
— Mexanika va yengil sanoat muhandisligi fakulteti bitiruvchisi sabzavotlardan chips ishlab chiqarish loyihasini kengaytirish uchun universitet hududidan joy ajratish, shuningdek, tikuvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali 30 nafardan ortiq talabani dual ta’lim asosida biriktirish va ish bilan ta’minlash takliflarini bildirdi. Bundan tashqari, yo‘l usti transport inshootlari ekspertizasi yo‘nalishi bo‘yicha magistratura mutaxassisligini ochish masalasi ham ko‘tarildi.
— Kimyo-texnologiya fakultetining 3-bosqich talabasi sog‘lig‘i bilan bog‘liq holatni inobatga olgan holda individual ta’lim olishda amaliy yordam so‘radi. Rektor ushbu murojaatni ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq berdi.
— Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt fakulteti talabalari tomonidan fakultetda media klub tashkil etish, uning faoliyatini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash taklifi ilgari surildi. Rektor barcha fakultetlarda talabalar ishtirokida media klublar tashkil etish va ularni zarur jihozlar bilan ta’minlash vazifasini belgiladi. Shuningdek, mazkur fakultetda sun’iy intellekt laboratoriyasini tashkil etish va zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlash masalasi ko‘tarildi. Mavjud kompyuterlarning talabga javob bermasligi inobatga olinib, universitet tomonidan eng so‘nggi rusumdagi 10 ta kompyuter jamlanmasini ajratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berildi.
— Talabalarning startap loyihalari bilan shug‘ullanishlari uchun alohida xona ajratish va zarur jihozlar bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilinib, uni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
— Hunarmandchilik yo‘nalishida milliy buyumlar tayyorlayotgan talaba-qiz o‘z faoliyatini kengaytirish va mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun ustaxona tashkil etish maqsadida joy ajratishni so‘radi. Rektor tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, talaba-qizga talabalar turar joyidan ustaxona uchun joy ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.
— Ishlab chiqarishda boshqaruv fakulteti talabasi tomonidan talabalar turar joyida yigitlar uchun sartaroshxona tashkil etish taklifi ham bildirildi. Mazkur tashabbusni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan mas’ullarga vazifalar yuklatildi.
Bundan tashqari, sayyor qabul davomida:
— fakultetlarda “Ona va bola” xonalarini tashkil etish;
tikuvchilik va turli amaliy to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun maxsus xonalar ajratish;
— turli xil gullarni parvarishlash bo‘yicha “Yosh gulchilar” to‘garagini tashkil etish;
— yo‘l-transporti yo‘nalishi talabalari ishtirokida “Yo‘l posboni” jamoasini shakllantirish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
—“Talabalar parlamenti” loyihasini tashkil etish;
— Telekommunikatsiya va kiberxavfsizlik fakulteti hamda Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt fakultetlaridagi sport maydonlarini tashkil etish va Energetika muhandisligi fakultetidagi sport zalini joriy ta’mirlash;
— universitet tadbirlari uchun dekorativ bezaklar tayyorlash tashabbusini qo‘llab-quvvatlash kabi takliflar ham ilgari surildi.
Rektor barcha tashabbuslarning amaliy ahamiyatini ta’kidlab, ularni atroflicha o‘rganish, qo‘llab-quvvatlash va bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.