Farg‘ona davlat texnika universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlari faol ravishda davom etmoqda.

Hurmatli abituriyentlar!

Xalqaro va mahalliy reytinglarda munosib o‘rinni egallagan Farg‘ona davlat texnika universitetida hozirgi kunda 20 mingdan ziyod talaba-yoshlar  tahsil olishmoqda. Universitetimizda zamonaviy o‘quv laboratoriyalari, raqamli ta’lim texnologiyalari joriy etilgan bo‘lib, talabalarning xalqaro ta’lim dasturlarida ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Shuningdek, talabalarimiz uchun zamonaviy axborot-resurs markazi, sport majmualari, talabalar turar joylari hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan turli grant va stipendiya dasturlari mavjud.

Yangi 2026-2027 o‘quv yili uchun universitetimizga 52 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 5500 dan ziyod abitiurientlarni, 48 ta magistratura mutaxassisliklariga esa 400 nafardan ziyod talabalarni qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ushbu yildagi qabul jarayonlariga oid barcha ma’lumotlarni tezkor, shaffof hamda ishonchli yetkazish maqsadida universitetimizda “Maslahat markazi” va “Call-markaz” (Telefon raqamlari 95-400-00-82, 95-400-00-85, 95-400-00-86) faoliyati tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Siz ushbu markazlar orqali qabul jarayonlariga oid yangiliklar, hujjatlarni topshirish shartlari, bakalavr ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari, kasbiy (ijodiy) imtihonlar hamda universitetning ta’lim jarayoniga oid barcha savollaringiz bo‘yicha batafsil ma’lumot olishingiz mumkin bo‘ladi.

Universitetimizda qabul jarayonlari, jumladan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish yuksak mas’uliyat, xolislik va halollik tamoyillariga asoslanadi. Har bir abituriyentning bilim va salohiyati adolatli baholanishini ta’minlash - biz uchun ustuvor vazifa sanaladi.

Aziz ota-onalar!

Oxirgi yillarda oliy ta’lim tashkilotlarida qabul jarayonlari test sinovlari asosida to‘la  shaffof, ochiq va adolat mezonlariga mos holda tashkil etilmoqda. Shu nuqtai nazardan, turli noqonuniy va ishonchsiz takliflarga aldanib qolmaslik, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmasliklaringizni so‘rab qolamiz. Qabul jarayonlariga oid barcha ishonchli axborotlarni universitetimizning “Maslahat markazi” va “Call-markaz”dan hamda oliy ta’lim tashkilotlarining rasmiy manbalardan olishlaringizni, “O‘qishga kiritib qo‘yish”, “Imtixonni hal qilib berish” kabi asossiz va yolg‘on va’dalarga aslo ishonmasligingizni so‘rab qolamiz.

Qabul jarayonlarida har qanday korrupsiyaviy holatlarga qarshi murosasiz munosabatdamiz. Shubhali holatlarga duch kelsangiz, universitetning maxsus ishonch telefonlariga murojaat qilishingizni so‘raymiz.

Eng asosiysi, farzandlaringizning bilimi, iqtidori va qobiliyatilariga tayanishingizni, test jarayonlari ularning olgan bilimlarini to‘la namoyon etishini ta’kidlab  qolamiz!

Aziz abituriyent-yoshlarimiz!

Siz ko‘zlangan oliy maqsadingiz sari harakat qiling! Hech qachon unutmang, oliy ta’limga kirish faqat o’zingizning olgan bilimingiz, iqtidoringiz va halol mehnatingiz orqali erishiladi.

Farg‘ona davlat texnika universiteti nafaqat bilim maskani, balki orzu va maqsadlaringizni ro‘yobga chiqaradigan imkoniyatlar maydoni sanaladi. Kelajagingizni biz bilan birga quring!

Barcha abituriyent-yoshlarimizga talabalik baxti nasib qilsin!

 

Hurmat bilan,

Rustam Tojiyev  

Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori, professor.