Delegatsiyani universitet rektori, professor Rustam Tojiyev kutib olib, mehmonlarni universitet faoliyati, amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Dastlab delegatsiya vakillari universitet qoshida Xitoy investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan “Aeroinjiniring Texnoparki”dagi qurilish va jihozlash ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng mehmonlarga universitet huzuridagi ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish markazlari, turli sohalarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan markazlar hamda spin-off korxonalar faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, sanoat va ta’lim integratsiyasiga asoslangan dual ta’lim tizimini joriy etish, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, malaka oshirish dasturlari hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.