“Yoshlar kuni” munosabati bilan o’rta vaznda yurtimiz sharafini himoya qilib, bayrog’imizni ko’taruvchi o’zbek professional bokschisi Bektemir Meliqo‘ziyev ishtirokida uchrashuv hamda “Rektor kubogi” sport musobaqalarining taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Tadbirni universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ilimdorjon Jaxongirov ochib berib, yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga, sog‘lom turmush tarzini olib borishga hamda yuksak marralarni zabt etishga chorlovchi fikr-mulohazalarini bildirdi.Tadbir davomida “Rektor kubogi” sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talaba-yoshlar tantanali ravishda taqdirlandi.
Shuningdek, taniqli sportchi Bektemir Meliqo‘ziyev talaba-yoshlar bilan samimiy suhbat qurib, o‘zining sportdagi tajribasi, erishgan yutuqlari va muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan yo‘li haqida so‘zlab berdi. U yoshlarni sport bilan shug‘ullanishga, qat’iyatli bo‘lishga undab, ularga motivatsion tavsiyalar berdi.